“Men kim, Sohibqiron — Amir Temur...” mavzusida davra suhbati
Joriy yilning 7-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan zoom platformasi orqali “Men kim, Sohibqiron — Amir Temur...” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjumanda yurtimizning turli hududlaridan kutubxona mutaxassislari, ilmiy jamoatchilik vakillari, shuningdek Zomin tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari faol ishtirok etdilar.
Ma’ruzachilar Amir Temur shaxsini nafaqat zabardast sarkarda, balki ilm ahliga homiylik qilgan ma’rifatparvar hukmdor sifatida yoritib berdilar. Mazkur davra suhbati tarixiy merosimizni chuqur o‘rganish, buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘lini keng targ‘ib etish hamda yosh avlod qalbida milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.